Joriy yilda Oʻzbekistonga qancha turist kelgan
Shohizinda (Samarqand)
2024-yilning yanvar–iyul oylarida jami 4,2 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 562,5 ming nafarga oshgan.
Turistik maqsadda kelgan chet el fuqarolarining asosini Markaziy Osiyo davlatlari tashkil qiladi. Mazkur davr mobaynida Oʻzbekistonga Qirgʻiz Respublikasi va Tojikistondan 1,2 mln nafardan kelgan. Uchlikni 845,8 ming nafar bilan Qozogʻiston yakunlab berdi.
Keyingi oʻrinlardan Rossiyadan 442,1 ming nafar, Turkmanistondan 83,7 ming nafar, Turkiyadan 62 ming nafar, Xitoydan 35,5 ming nafar, Hindistondan 33,3 ming nafar, Janubiy Koreyadan 23,9 ming nafar, Italiyadan 19,5 ming nafar, boshqa davlatlardan 211,2 ming nafar turist tashrif buyurgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekistonga tijorat maqsadida qaysi davlatdan koʻproq odamlar tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi.