Yangiliklar

PUBG o‘yinidagi akkaunt uchun 900 ming so‘mni olib g‘oyib bo‘lgan shaxs ushlandi

Gumonlanuvchi pul mablag‘ini avvaldan o‘z plastik kartasiga o‘tkazib olgan
Foto: romankosolapov / depositphotos.com

Farg‘ona viloyatida fuqaro viloyat IIBga murojaat qilib, plastik kartasidan 900 ming so‘m miqdorda pul mablag‘i yechib olinganini ma’lum qilgan. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazining matbuot xizmati xabar berdi.

Qidiruv xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazilishi natijasida firibgar Namangan viloyatida yashovchi shaxs ekanligi aniqlandi. Gumonlanuvchi jabrlanuvchi bilan Telegram mesenjeri orqali tanishgan. Shundan so‘ng gumonlanuvchi PUBG onlayn o‘yinida o‘zining kuchaytirilgan akkaunti borligini ta’kidlab uni 900 ming so‘mga sotishini aytgan.

Gumonlanuvchi pul mablag‘ini avvaldan o‘z plastik kartasiga o‘tkazib olgan hamda kelishilgan akkauntni bermasdan barcha yozishmalarni o‘chirib yuborib g‘oyib bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qism «b, g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistonda internetdagi firibgarlik orqali koʻrilgan zarar $14,6 milliongacha oshgani haqida xabar bergan edi.