O‘qituvchilarning oyligi qachon $1000 bo‘ladi
28-avgust kuni «Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi muhim islohotlar» mavzusi bo‘yicha matbuot anjumanida soha vaziri Hilola Umarova o‘qituvchilar oylik maoshi haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar beradi.
«Hamma joyda shu savol beriladi. Umuman, o‘qituvchilarning oyligi oshishi biz uchun ham muhim. Bu bo‘yicha Moliya vazirligi bilan doimiy hamkorlikda ishlayapmiz. Bir narsani aytib o‘tishimiz kerak, bugun $1000 dan ko‘p oylik oladigan ustozlarimiz bor»— deydi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri.
Hilola Umarova so‘lariga ko‘ra, shaffof testdan o‘tgan o‘qituvchilarga mukofot sifatida har oyda ta’lim vaziri jamg‘armasidan 5,7 mln so‘m ajratiladi. Bunda oluvchilar soniga cheklovlar yo‘q.
Olis hududlarda ishlaydigan o‘qituvchilarga 3,7 mln so‘mgacha, xalqaro olimpiadalar g‘oliblari bo‘lgan ustozlar esa 4,1 mln so‘mgacha pul mablag‘lari beriladi.
Vazir qo‘shimcha qilishicha, hozirgi kunda umumta’lim maktablarida 6 mingdan ortiq o‘qituvchi $1000 va undan yuqori maosh oladi. Yildan yilga maoshlar ham, o‘z ustida ishlaydigan o‘qituvchilar soni ham oshib bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan birinchi iyundan bogʻchalarda malakali tarbiyachilarning ish haqi stavkasi oshirilishini yozgan edi.