Yangiliklar

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi yangi elchisi tayinlandi

Bunga qadar elchixonasiga Vitaliy Fen  rahbarlik qilgan

Alisher Abdusalomov O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi sifatida faoliyat olib boradi. Bu haqda «Dunyo» Axborot agentigi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 40 yoshli yangi elchi Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va Janubiy Koreyaning Kyong-Xi universitetini bitirgan. Kasbiy faoliyatini Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida boshlagan. U yerda yetakchi mutaxassislikdan Bosh boshqarma boshlig‘igacha bo‘lgan lavozimlarda ishlagan.

Shuningdek, u 2013-2016-yillarda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida, 2018-2024-yillarda esa Janubiy Koreyada savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi sifatida faoliyat olib borgan.

Yangi elchi ushbu tayinlovdan oldin O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Kotibiyatiga rahbar bo‘lgan.

Bunga qadar O‘zbekistonning Seuldagi elchisi 1995-yildan 2024-yilgacha Vitaliy Fen bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Vitaliy Fen iyun oyida vafot etgan.