Yangiliklar

Pavel Durovga besh mln yevro garov majburiyati yuklandi

Telegram rahbari Fransiyada qolishi lozim
Rasm: TechCrunch

Bir necha kun avval Fransiyada hibsga olingan Telegram asoschisi va rahbari Pavel Durov qat’iy sud nazorati ostida ozod qilindi, deb xabar berdi Le Figaro nashri.

Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorga besh mln yevro miqdorida garov to‘lash majburiyati yuklatilgan. U Fransiya hududida qolishi va haftada ikki marta politsiya bo‘limiga kelishi kerak.

Bir kun avval ma’lum bo‘lishicha, Durovga qarshi sud ishi iyul oyida boshlangan, undan oldin Parij politsiyasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi tomonidan tergov o‘tkazilgan.

Biznesmen bir qator qonunbuzarliklarda ayblanmoqda. Gap, xususan, giyohvandlik vositalari va bolalar pornografiyasini tarqatish, uyushgan guruh tarkibida firibgarlikda ishtirok etish, pul yuvish va vakolatli organlarning so‘roviga ko‘ra messenjerning ishlashi haqida ma’lumot taqdim etishni rad etish haqida bormoqda.

Durov 24-avgust, shanba kuni Parijning Le Burje aeroportida qo‘lga olindi.

Kuni kecha Kursiv Uzbekistan Durovni so‘roq qilish haqida yozgan edi.