Yangiliklar

Termizda Afg‘oniston fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro savdo markazi ochildi

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida
Foto: Gov.uz

Termiz shahrida Afg‘oniston fuqarolari ham savdo-sotiq qilishlari, ta’lim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan xalqaro savdo markazi tashkil etildi. Bu haqda O‘zR hukumat portalida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ochilish marosimida O‘zR Bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar ishtirok etdi. Shuningdek, marosimda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev, Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat Torebayev va boshqalar ham qatnashdilar.

Ochilish marosimidan so‘ng Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan vakillar «Termiz xalqaro savdo markazi» faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Abdulla Aripov Termiz shahrida Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Ozarbayjonlik rasmiylar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tolibon O‘zbekistonda savdo ko‘rgazmasini o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.