Yangiliklar

Andijon viloyatida beshta o‘quv-ishlab chiqarish majmuasi ochildi

Ularda ikki mingdan ziyod aholi mehnat qiladi
Rasm: O‘zR Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Andijon viloyatining beshta tumanida zamonaviy o‘quv-ishlab chiqarish majmualari ish boshladi, deb xabar bermoqda mamlakat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi.

To‘rt qavatli binolar dastgohlar, uskunalar va o‘quv materiallari bilan jihozlangan. Har bir markaz ichida sakkizta pavilon joylashtiriladi. Mahalliy aholini o‘qitish va ishga joylashtirishdan manfaatdor tadbirkorlar ushbu binolarni imtiyozli stavkada ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi.

Asaka, Shahrixon, Bo‘ston, Ulug‘nor va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida majmualar ochilishi natijasida viloyatning qariyb 2,3 ming aholisi ish bilan ta’minlanadi.

Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi orqali 500 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani haqida yozgan edi.