Shavkat Mirziyoyev dual ta’limni keng joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi
Davlat rahbari 2021/2022-o‘quv yilidan ishlashni boshlangan Jamoat xavfsizligi universiteti faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev ofitser va talabalar bilan muloqotda dual ta’limni keng joriy qilish, o‘quv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, universitet bakalavriatida 15, magistraturada 8 yo‘nalish mavjud. Ayni paytda mingdan ortiq kursant bakalavriatda, yana shuncha talaba maxsus yo‘nalish, sirtqi ta’lim va magistraturada ta’lim olib kelmoqda. Universitetda 209 nafar o‘qituvchi, professor va fan doktorlari talabalarga ta’lim berib kelmoqda. Yaqindagina esa muassasa o‘quv binolari va 300 o‘rinli 6 ta yotoqxona zamonaviy ta’mirdan chiqdi.
Prezident muassasadagi sport majmuasi bilan ham yaqindan tanishdi. Kichik binoda basseyn, trenajyor va krosfit zali, boks, ko‘pkurash, katta binoda gimnastika, mini-futbol, gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi bilan birga balandlik tayyorgarligi va evakuatsiya mashg‘ulotlari uchun sharoitlar yaratilgan.
Sportchi kursantlar orasida jahon chempionatlari, qit’a va respublika musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallagan, shuningdek, davlat stipendiyalari va mukofotlarga sazovor bo‘lganlari ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar tizimida qoʻllanayotgan zamonaviy texnikalar bilan tanishgan edi.