Vashington meri 1-sentabrni AQSh poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligi kuni sifatida e’lon qildi
AQSh poytaxti meri Muriyel Bauzer mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan 1-sentabrni Vashingtonda «O‘zbekiston mustaqilligi kuni» sifatida rasman e’lon qildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi ma’lum qildi.
Merning bayonotiga ko‘ra, AQSh va O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, jumladan, chegara va mintaqaviy xavfsizlik dasturlari, madaniy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, ingliz tilida ta’lim berishni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonga ham manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizda yuz berayotgan bir qator iqtisodiy va siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlanishi ham ta’kidlandi.
«Vashington shahri Amerika Qo‘shma Shtatlarining poytaxti sifatida O‘zbekiston mustaqilligi va uning jahon miqyosidagi ahamiyatini katta hurmat bilan e’tirof etadi», deya ta’kidladi AQSh poytaxti meri.
Ma’lumot uchun, AQSh poytaxti 1791-yilda tashkil topgan bo‘lib, nomi Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington sharafiga qo‘yilgan. Vashington shahrida davlat hokimiyatining asosiy uch tarmog‘i, ya’ni AQSh Prezidenti qarorgohi, Oq uy, va ko‘plab elchixona va tashkilotlari binolari joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Oʻzbekiston uchun oltita PC-12 samolyotini rekonstruksiya qilib berishi haqida xabar bergan edik.