AQSh elchixonasi bakalavriat talabalari uchun 6 oylik amaliyot dasturini e’lon qildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Dasturda amerikalik bo‘lmagan va hozirda O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi 18 yoshga to‘lgan fuqarolar qatnashishi mumkin
Foto: Uz.usembassy.gov

AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi bakalavr bosqichining 1-3 kurslarida oʻqiyotgan talabalar uchun Foreign National Student Internship Program bepul amaliyot dasturini taqdim etmoqda. Bu haqda Elchixona rasmiy sahifasida e’lon qildi.

Unga ko‘ra, dastur 6 oy davom etadi. Ishtirokchilar haftasiga 20 soat, besh ish kuni yarim kundan amaliyot oʻtashlari rejalashtirilgan.

Amaliyotchilarga pochta va hisobotlarni saralash va tarqatish, ma’lumotlar bazasiga texnik xizmat koʻrsatish, konsullik boʻlimi faoliyatini tashkil etishda yordam berish, asosiy yozma va ogʻzaki tarjimalarni taqdim etish va shunga o‘xshash vazifalarni bajaradilar. Shuningdek, konsullik boʻlimi tadbirlari uchun uchrashuvlarni rejalashtirish va konferensiya zallarini band qilish, mehmonlarga kirish soʻrovlarini tayyorlashda ham yordam berishlari mumkin.

Dasturda amerikalik boʻlmagan va hozirda Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi 18 yoshga toʻlgan fuqarolar qatnashishi mumkin. Nomzod Oʻzbekistondagi oliy ta’lim muassasasida bakalavr bosqichining 1-3 kurslarida oʻqiyotgan boʻlishi lozim.

Asosiy talablardan yana biri ingliz tili va rus, oʻzbek tillaridan birini yaxshi bilishdir. Yuqori akademik koʻrsatkichlarga ega boʻlish hamda kompyuter/internetdan foydalanish va mijozlarga xizmat koʻrsatish koʻnikmalariga ega boʻlish lozim.

Dasturda ishtirok etganlar xalqaro tashkilotda ishlashdek noyob tajribaga va amaliyot yakunida sertifikatga ega bo‘ladilar.

Nomzodlar ariza, pasport nusxasi, oliy ta’lim muassasada oʻqiyotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma, hozirgi oʻqish joyidan akademik transkript, tavsiyanoma va sertifikatlarini TashkentRecruitment@state.gov elektron pochta manziliga yuborilishi lozim.

Shu o‘rinda muhim eslatma: Elektron pochta manzilining mavzusiga FNSIP 2024/07 — «Consular Section Internship» deb yozilishi lozim. Faqat saralangan nomzodlar bilan aloqaga chiqiladi. Saralanganlar oʻqiyotgan ta’lim muassasasidan yozma ruxsatnoma va boshqa zarur hujjatlarni taqdim etishi hamda majburiy tibbiy va xavfsizlik koʻrigidan oʻtishlari talab etiladi.

Ma’lumot o‘rnida sirtqi ta’limda o‘qiyotganlar dasturda qatnasha olmaydilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashington meri 1-sentabrni AQSh poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligi kuni sifatida e’lon qilgan edi.

Shuningdek