Yangiliklar

Instagram platformasi Stories’ga komment qoldirish funksiyasini qo‘shdi

Stories yaratishda AI fonlardan ham foydalanish mumkin bo‘ladi
Foto: Engadget.com

Instagram ilovasi Stories, ya’ni Hikoyalarga komment yozish funksiyasini qo‘shdi. Bu haqda Social Media Today nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, oldin 24 soatlik Stories’larga faqatgina bevosita xabar yozish orqali javob berish mumkin edi. Bu yangi xususiyat foydalanuvchilarga o‘z kuzatuvchilarining Stories’larida fikr qoldirish yoki ochiq sharhlar orqali muloqot qilish imkonini beradi. Bunda kommentlar shaxsiy xabarlar ro‘yxatiga qo‘shilmaydi, balki Stories ostidan joy oladi.

Ushbu funksiya har bir Stories uchun alohida yoqilishi yoki o‘chirilishi mumkin. Agar yoqilgan bo‘lsa, kommentlar foydalanuvchiga obuna bo‘lgan barchaga ko‘rinadi. Shuningdek, faqat o‘zaro fikr almashish shaklida ham bo‘lishi mumkin. Stories kabi kommentlar ham 24 soatdan keyin arxivga tushadi.

Foto: SocialMediaToday.com

Shuningdek, Instagram foydalanuvchilarga o‘z Stories yaratishning yangi usullarini taklif qilmoqda. Stories yaratishda mavjud andozalardan, AI tomonidan yaratilgan fondan yoki ko‘payib borayotgan interaktiv stikerlardan foydalanish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram feyk ma’lumotlarga qarshi kurashish funksiyasini ishga tushirgan edi.