Yangiliklar

Oʻzbekiston fond bozori: qimmatli qogʻozlarning aksariyati avgust oyini ijobiy yakunladi

Umumiy hisobda 24 ta yuqori likvidli aksiyalardan 17 tasi haftani yashil zonada yakunlandi
Foto: Sergeyp / depositphotos.com

«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyat qismi ortda qolgan haftani aksiyalar narxining oshishi bilan yakunlandi. Kursiv Uzbekistan hafta davomida RFBdagi qimmatli qogʻozlarning dinamikasini oʻrganib chiqdi.

Unga koʻra, 23-avgustdan 30-avgustga qadar UCI fond indeksi deyarli o‘zgarishsiz (657,38) qoldi. Qimmatli qogʻozlar ichida eng katta oʻsish «Turon bank» tomonidan qayd etilib, bankning qimmatli qogʻozlari 28,69 foizga oshdi.

Shuningdek, aksiyalari koʻproq oʻsishga erishgan kompaniyalar qatoridan «Qizilqumsement» 22,64 foiz bilan joy oldi.

Oʻz navbatida, aksiyalari eng koʻp arzonlashgan qimmatli qogʻozlar qatoridan «Ipoteka bank»ning imtiyozli aksiyalari 19,17 foiz bilan joylashdi. Shuningdek, «Ipoteka bank»ning oddiy aksiyalari (-2,78 foiz), «Trastbank» (-0,58 foiz), «Oʻzmetkombinat» (7,82 foiz), «OKMK» (-3,48), «Oʻzbektelekom» (-2,78 foiz) va «Uzbekinvest» (-5,5 foiz) ortda qolgan haftani aksiyalarning pasayishi bilan yakunladi.

Umumiy hisobda 24 ta yuqori likvidli aksiyalardan 17 tasi haftani yashil rangda yakunladi. Bir hafta ichida «Toshkent» Respublika fond birjasida (RFB) 7,3 milliard soʻmlik 10,2 mingta bitim amalga oshirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Universal Sugʻurta» kompaniyasi «Toshkent» RFBda aksiyalar savdosini toʻxtatgani haqida xabar bergan edi.