Yangiliklar

Dividendlar bo‘yicha ma’lumot olish xizmati ishga tushirildi

Foydalanuvchilar ushbu funksiyadan foydalanib, qaysi emitentlar o‘z qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha dividendlar taqsimlayotganini bilishlari mumkin bo‘ladi
Foto: WrightStudio / www.depositphotos.com

Oʻzbekiston Respublikasi istiqbolli loyihalar milliy agentligi korporativ axborot yagona portalida (Openinfo) dividendlar kalendari ishga tushirildi. Bu haqda «Toshkent» Respublika fond birjasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, foydalanuvchilar ushbu funksiyadan foydalanib, qaysi emitentlar oʻz qimmatli qogʻozlari boʻyicha dividendlar taqsimlayotganini bilishlari mumkin boʻladi.

Shuningdek, jadvalda emitentning nomi, dividend toʻlashning boshlanish va tugash sanalari, miqdori, nominal qiymatga nisbatan foizi va dividend toʻlash qarori qabul qilingan sana koʻrsatiladi.

Foto: «Toshkent» Respublika fond birjasi

Jadvalni qimmatli qogʻozlar turlari boʻyicha filtrlash mumkin. Foydalanuvchilar oddiy va imtiyozli aksiyalar hamda obligatsiyalar boʻyicha toʻlangan oxirgi dividend summalarini tanlashlari mumkin.

Ma’lumot uchun, jadval portalning asosiy sahifasida, muhim faktlar boʻlimi ostida joylashgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Oʻzbektelekom» kuzatuv kengashi dividendlar toʻlashni tavsiya qilgani haqida xabar bergan edi.