Yangiliklar

Oylik maosh 1100 yevro. Oʻzbekistonliklar yuk avtomobili haydovchilari Latviyaga ishga taklif qilinmoqda

Nomzodlar rus yoki ingliz tilini muloqot darajasida bilishi kerak
Foto: joyfull / depositphotos.com

Oʻzbekistonlik yuk avtomobili haydovchilari Latviyaga ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, nomzodlardan «CE» toifasidagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi. Oylik ish haqi 1,1 ming yevro etib belgilangan.

Nomzodlardan 18–55 yosh oraligʻida, rus yoki ingliz tilini muloqot darajasida bilish, soha boʻyicha kamida 1 yillik tajriba talab qilinadi. Shu bilan birga, nomzod sudlanmagan, xorijga chiqish taqiqlanmagan boʻlishi kerak.

Ish beruvchi hisobidan sugʻurta, hujjatlar va ish ruxsatnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish qoplab beriladi. Qolgan xarajatlar: agentlik xizmatlari, viza uchun toʻlov, aviachipta, ovqatlanish, yashash joyi fuqaroning oʻzining hisobidan.

Nomzodlar havola orqali roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekistonga tajriba almashish uchun xorijlik shifokorlar taklif qilinayotgani haqida xabar bergan edi.