Yangiliklar

O‘zbekistonda Kolumbiya universiteti bilan hamkorlikda yangi ijtimoiy himoya markazi tashkil etildi

Shahnoza Mirziyoyeva ishonch bildirdi
Foto: UNICEF Uzbekistan

O‘zbekiston aholini ijtimoiy himoya qilish milliy agentligi, Kolumbiya universiteti, UNICEF va boshqa tashkilotlar hamkorligida ijtimoiy himoya markazi ochildi. Bu haqda UNICEF Uzbekistan ma’lum qildi.

«Oilalar va jamoalar bilan aloqada bo‘lgan, o‘qitilgan ijtimoiy xizmat xodimlari bolalarni himoya qilish uchun juda muhimdir. Bolalarni himoya qilish sohasidagi fidoyi va malakali kadrlar sa’y-harakatlar va resurslarni muvofiqlashtirish hamda adolat va ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim, xavfsizlik va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kabi barcha sohalardagi bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini ta’minlash uchun zarurdir», dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. «Bularning barchasi, o‘z navbatida, aholining barcha qatlamlari uchun ijtimoiy adolat va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi», deya ta’kidladi u.

Markazning maqsadi O‘zbekistonda ijtimoiy ta’minot tizimini takomillashtirishdir. Uning faoliyati xodimlarning kasbiy malakasini oshirish, samarali dastur va metodologiyalarni yaratish, muhim tadqiqotlar olib borish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Foto: Shahnoza Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan

«Ushbu markazning tashkil etilishi ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichini anglatadi. Markaz nafaqat bilim va innovatsiyalar manbayi, balki ijtimoiy ish xodimlari eng yaxshi amaliyotlar va tajriba almashishlari uchun xizmat qiladi», deydi Milliy ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.

Ijtimoiy xizmat xodimlari kambag‘allikni qisqartirish, xavflarni aniqlash va boshqarish, bolalar va oilalar farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanishni osonlashtiradi. Buning uchun Markaz ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmatlar sohasida ta’lim, tadqiqot va amaliyotlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mustahkam infratuzilmani taqdim etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijon viloyatida beshta o‘quv-ishlab chiqarish majmuasi ochilgani haqida yozgan edi.