Joriy yilning 4-sentabr kuni Toshkentda Xitoyning yuk tashuvchi North-Western Cargo International Airlines (NWCIA) aviakompaniyasi Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishida birinchi charter reysi kutib olindi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent xalqaro aeroportiga mahalliy vaqt bilan soat 10:07 da NWCIA aviakompaniyasining Boeing 757-200 samolyoti qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, havo kemasi suv arkasi bilan kutib olindi.
Yuk aviatsiyasi harakatlari Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishida 25 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan Boeing 757-200 samolyotlari bilan amalga oshirilishi reja qilingan. Boshlang‘ich bosqichda aviareyslar haftada bir marta, ma’lum muddatdan so‘ng esa haftada uch marta amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, North-Western Cargo International Airlines (NWCIA) – Xitoyning Sian shahrida joylashgan yuk tashuvchi aviakompaniyadir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Silk Avia Toshkent – Shahrisabz – Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovni yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.