Yoshlarimiz va mehnat migrantlari «onlayn manqurtlashtirish» qurboniga aylanmoqda – prezident
Prezident ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda MDH Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga bag‘ishlangan qo‘shma konferensiyasida ba’zi yosh avlod va migrantlarimizning xavf kuchayib borayotgan kibermakon va radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgani haqida gapirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident o‘z nutqida anjuman tajriba almashinuvi, xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan tavsiya va takliflarni shakllantirish uchun zarur muloqot maydoni ekanini ta’kidladi.
«Aminmanki, ertaga mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan «Sharq – Aksilterror – 2024» qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari ham xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlarga qarshi kurashishda o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish va maxsus kuchlar bo‘linmalarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi», deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, ekstremizm va radikalizm g‘oyalarining tarqalishiga imkon bermaslik bo‘yicha amaliy vositalarni tatbiq etish ahamiyati ham muhokama qilindi. Jinoiy faoliyatdan kelgan daromadni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal g‘oyalarni targ‘ib etish bo‘yicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora ko‘p amalga oshirilmoqda.
«Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari «onlayn manqurtlashtirish» qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda», deydi prezident.
Bunday xavfli tahdidlarni bartaraf etish esa ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va MDH Aksilterror markazi doirasidagi qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish kabi muhim vazifalarni talab etmoqda.