Yangiliklar

Mahmud Murodov Chexiyada uzoq muddat qolish huquqidan mahrum bo‘ldi

U besh yil muddatlik vaqtinchalik ruxsatnoma uchun ariza topshirdi
Foto: Zpravy.aktualne.cz

Mashhur MMA jangchisi Mahmud Murodov Chexiyada uzoq yillar yashash imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda Chexiyaning Aktuálně.cz nashri ma’lum qildi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u jinoiy muhit bilan aloqalari tufayli davlat uchun xavfli shaxs deb topilgan.

Mahmud Murodov 2011-yilda Chexiyaga kelgan edi. U oʻqish uchun kelgan, ammo ikkinchi yiliyoq MMA janglari orasida mashhurlikka erishib, janglarda ishtirok etishni boshlagan. So‘nggi paytlarda u Chexiyadagi eng nufuzli o‘yinni tashkil etuvchi Oktagon tashkiloti bilan hamkorlik qilayotgan edi.

Ichki ishlar vazirligi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash milliy shtabining maxfiy hisoboti asosida qaror qabul qildi. Unga koʻra, Murodov Bolqon uyushgan jinoyatchilik guruhi aʼzolari bilan uzoq muddatli aloqada boʻlgan. U Chexiyaga kelgan paytdan boshlab bu aloqalarni o‘rnatgan, deyiladi xabarda.

«U ommaviy axborot vositalarida yaxshi tanilgan shaxs, uning butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislari bor. Ko‘pchilik u bilan suratga tushishni yoki uni turli tadbirlarga taklif qilishni xohlaydi. Bunday holda uni kim taklif qilgani, maqsadi haqida bilish Murodovning vakolatiga kirmaydi», — deydi uning advokati Marek Chechovskiy.

Murodov ko‘pi bilan besh yil muddatga beriladigan vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olish uchun ariza topshirgan. Hukmdan keyin u Chexiyani tark etishi kerak bo‘ladi. Kelajakda u mamlakatda viza asosida qolishi mumkin, bu esa olti oy ichida Chexiya Respublikasida maksimal 90 kun bo‘lish imkonini beradi. Bu muddat tugagach, u yana ketishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng u tegishli vaqtda ko‘rsatilgan viza bo‘yicha yana sayohat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dog‘istonda o‘tkazilgan shaxmat chempionatida sportchi raqibini simob bilan zaharlagani haqida yozgan edik.