Jahon davlatlari ichki bozor himoyasiga qattiq kirishdi – prezident

eʼlon qilindi
1 tonna misdan qoʻshilgan qiymat $1 mingga yetkaziladi
Foto: Industriall-union.org

Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yigʻilishida dunyo davlatlari ichki bozor himoyasiga kirishgani haqida alohida ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, soʻnggi yetti yilda sohaga 1 mlrd dollar investitsiya kiritilgan. Bu orqali 762 ta yangi korxona ish boshlagan va ularda 45 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarilishiga erishilgan. Bu mahsulotlar eksport qilinadigan davlatlar 62 taga yetib, $1 mlrdni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobar oʻsgan. Yillik daromadi 100 mlrd soʻmdan ziyod korxonalar soni 6 tadan 25 taga ortgan. Mazkur tarmoq korxonalari hisobidan davlat byudjetiga keladigan tushum 8 barobar oshgan.

Prezident mamlakatimiz $5 mlrdlik bozor imkoniyatlaridan oqilona foydalanmayotgani haqida aytdi.

Shuningdek, butun jahon o‘z ichki bozori himoyasiga kirishgan bir pallada bizda ham sifatni taʼminlash va tannarxni arzonlash orqali raqobatdoshlikni oshirish lozimligi haqida so‘z bordi

O‘zbekiston elektrotexnika eksportining toʻrtdan birini mis sim va prutok kabi qoʻshilgan qiymati past tovarlar tashkil qilayotgani ta’kidlandi.

Endi Ohangaron, Fargʻona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda yondosh yoʻnalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirish uchun 10 gektargacha yer ajratib beriladi. Ushbu korxonalar ham mol-mulk va foyda soligʻidan 50 foizgacha imtiyozga ega bo‘ladilar.

Shu yil yakuniga qadar chuqur qayta ishlangan mis mahsulotlari ulushini 60 foizgacha, kelgusi yilda 75 foizgacha yetkaziladi. 1 tonna misdan qoʻshilgan qiymatni $1 mingga yetkazish lozimligi belgilab olindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kichik va o‘rta biznes uchun mikrokreditlar 300 mln so‘mgacha oshirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek