O‘zbekistonda «Vostok-Antiterror — 2024» qo‘shma antiterror mashg‘ulotlari o‘tkazildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tadbirda harbiy texnikalar, jumladan, aviatsiya va dronlar qo‘llanildi
Foto: DXX matbuot xizmati

Joriy yilning 5-sentabr kuni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va MDH Antiterror markazi tomonidan «Vostok-Antiterror — 2024» qo‘shma antiterror mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.  

Ushbu tadbirda terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligini ta’minlash va ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha birgalikda amaliy harakatlar o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlarda ShHT va MDH vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.

Tadbirda harbiy texnikalar, jumladan, aviatsiya va dronlar qo‘llanildi. «Sharq-Antiterror – 2024» qo‘shma mashg‘ulotlari davomida Hamdo‘stlik davlatlari maxsus xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning muhimligi namoyon etildi.

«Ushbu mashg‘ulotlar terrorchilikka qarshi qo‘shma tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazish tajribasini oshirib, terrorchilik harakatlarini aniqlash va ularning oldini olish, shuningdek, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlarni muvofiqlashtirishda yangi usullarni ishlab chiqishga ko‘maklashdi», deyiladi xabarda.

Foto: DXX matbuot xizmati

Ushbu aksilterror mashqlari MDH Aksilterror markazi ko‘magi ostida o‘tkazilgan tadbirlardan yigirmanchisi bo‘lib, ularning 6 tasida O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etgan.

Tadbir O‘zbekistonning turli davlat xizmatlari, jumladan, DXX, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligining ishtirokida o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar yuqori darajadagi tayyorgarlik va muvofiqlikni namoyon etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ShHT 2024-yilda terrorizmga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek