Yangi o‘quv yilida stipendiyalar miqdori o‘zgarmadi
2024/2025-o‘quv yilida talabalarga beriladigan stipendiyalar miqdori o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Lex.uz huquqiy portaliga tayanib, Kursiv Uzbekistan o‘rganish olib bordi.
Unga ko‘ra, bazaviy stipendiya miqdori 517 880 so‘mni tashkil qilmoqda. Barcha fanlar bo‘yicha faqat «a’lo» o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalar uchun 621 456 so‘m stipendiya to‘lanadi. Doktorantura uchun 6 320 400 so‘m, tayanch doktorantura uchun 4 946 840 so‘m va amaliyotchi-tadqiqotchilar uchun esa 4 379 200 so‘m stipendiya to‘lanadi.
Shuningdek, prezident va nomdor stipendiyalar miqdori ham ko‘tarilmadi. Prezident stipendiyasi sohiblari 2 191 541 so‘m, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyasi sohiblari esa 1 461 028 so‘mlik pul miqdorini 12 oy oladilar.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda bakalavriat talabalari uchun stipendiyalar 20 foizga oshirilib, 47 135 tengega (1 235 744 so‘m), pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun 75 600 tengega (1 982 014 so‘m) ko‘tarildi. Magistratura va doktorantlar uchun stipendiya 15 foizga oshirilib, mos ravishda 107 061 tenge (2 806 832 so‘m) va 240 000 tenge (6 292 111 so‘m)ni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq toʻlov-kontrakt miqdorlari 15 % ga oshirilgan edi.