O‘zbekistonning bir necha viloyatlarida chegara hududlari bo‘yicha o‘zgartirishlar bo‘ladi. Mazkur masala xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi 97-sessiyasida muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Sirdaryo, Namangan hamda Toshkent viloyati chegara hududlariga o‘zgartirish kiritiladi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatlararo chegara chiziqlarini bir chiziqga to‘g‘irlash masalasi bo‘yicha kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan qaror loyihasi taqdim etildi.
Xususan, Sirdaryoning beshta hududidan 310,4 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. (Guliston, Boyovut, Shirin, Sayxunobod hamda Sirdaryo shaharlaridan)
Shu bilan birgalikda, Sirdaryo viloyatiga Toshkentdan oltita hudud 347,2 gektar (Quyi Chirchiq, Chinoz, Bekobod tumanlari, Bekobod shahar hamda Oqqo‘rg‘ondan) o‘tkazish rejaga kiritilgan. (Oradagi farq 36,8 ga).
Mazkur qaror loyihasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, Toshkentga Namangan viloyati Pop tumani hududidan 38,8 gektar, Namanganga Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan esa 26,3 gektar o‘tkazilishi belgilangan. (Oradagi farq esa 12,5 ga).
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahrida «Yangi Toshkent» deb nomlangan yangi tuman tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.