Maymunchechak virusi qanchalik xavfli va undan qanday himoyalanish mumkin
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2024-yil avgust oyida maymunchechak virusi tarqalishi tufayli favqulodda holat e’lon qildi. Virus qanday yuqishi va insonda qay tariqa kechishi haqida oliy toifali shifokor Dilbar Yusupova Kursiv Uzbekistan’ga so‘zlab berdi.
Maymunchechak qayerdan paydo bo‘lgan va qanchalik zararli?
Maymunchechak Monkeypox (Mpox) virusidan kelib chiqadi. Kasallik zoonoz, ya’ni hayvonlardan odamga yuqadi. Virusning asosiy tashuvchisi bu maymunlar va kemiruvchilar: uy sichqonlari, Gambiya kalamushlari. Virus bilan kasallangan odam ham uni birovga yuqtiradi.
Maymunchechak ilk bor 1958-yilda laboratoriya primatlarida aniqlangan. Kongo Demokratik Respublikasida odamga yuqishining birinchi holati qayd etilgan.
2022-yilgacha hayvonlardan odamga yuqishning barcha holatlari Markaziy va Gʻarbiy Afrikada qayd etilgan. Virus inson orqali boshqa qit’alarga ham tarqaldi. 2022-yilda virusning odamdan odamga yuqishi holatlari AQSh va boshqa mamlakatlarda qayd etildi.
Yuqumli kasalliklar bo‘yicha shifokor Pavel Aleksandrovning so‘zlariga ko‘ra, Mpox virusi chechak va sigir viruslari bilan bir xil guruhga tegishli, ammo maymunchechak ancha yengilroq kechadi.
Virus past haroratlarda yaxshi yashaydi. Xona haroratida va qulay sharoitlarda virus bir necha oygacha yashab qolishi mumkin. Mpox 100°C haroratda 1 daqiqada nobud bo‘ladi, 70°C da esa 5 daqiqada, 1 foiz sovuq ohak va 3 foiz xloramin bilan ishlov berilganda — bir soatda nobud boʻladi.
Virus quyosh ostida uzoq vaqt yashamaydi, ultrabinafsha nurlanishi uni bir necha daqiqada yo‘q qiladi.
Maymunchechak insonlarda qanday kechadi?
Infeksiyadan keyin odamlarda ilk alomatlar 5 – 21 kundan keyin paydo bo‘ladi (o‘rtacha 6 – 14). Bemor o‘zini yomon his qiladi, titroq, isitma, bosh og‘rig‘i, tanada, mushaklarda va bo‘g‘imlarda og‘riqlar yuzaga keladi. Ba’zida tomoq og‘rig‘i va yo‘tal paydo bo‘ladi.
Kasallikning dastlabki kunlarda bo‘yin, qo‘ltiq va chanoqda periferik limfa tugunlari kattalashadi. Avvaliga ular yumshoq va og‘riqsizdir, lekin bir necha kundan keyin tananing turli qismlarida, shilliq pardalarida va jinsiy a’zolarda o‘rtacha og‘riqli toshmalar paydo bo‘ladi.
Toshma rivojlanishning bir necha bosqichlaridan o‘tadi:
- Birinchidan, terida dog‘lar paydo bo‘ladi, keyin ularning o‘rnida papulalar va pufakchalar paydo bo‘ladi;
- Asta-sekin, toshma ko‘tarilgan pustulalar shaklini oladi, ular teginish qiyin bo‘lgan pustulalarga aylanadi;
- So‘ng tanada qora qo‘tirlar paydo bo‘ladi, ular bir haftadan keyin tushadi.
Toshmalarning soni birdan bir necha minggacha o‘zgarishi mumkin. Ko‘pincha toshmalar yuz, qo‘l va oyoqlarda, hatto kaft va oyoq tagida paydo bo‘ladi. Ba’zida kasallik toshma bilan boshlanishi mumkin va shundan keyingina bemor boshqa alomatlarni his qiladi.
Kasallik odatda yengil kechadi. Teri deyarli to‘liq tiklanadi, faqat kichik izlar yoki rang o‘zgarishi qoladi. Davolanish 2–4 hafta ichida sodir bo‘ladi.
1980-yilgacha tug‘ilgan va chechakka qarshi emlangan odamlar MPoxga nisbatan chidamli bo‘lishi mumkin.
Maymunchechakdan qanday himoyalanish mumkin
Virus odamdan odamga infeksiyalangan kishining terisi va boshqa ajralmalar bilan yaqin aloqa oqibatida o‘tadi. Shuningdek, virus nafas yo‘llari va ko‘zlarning shilliq qavatlariga kirganda ham yuqadi.
Kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari orqali ham virus o‘tishi mumkin. Virus homilador onadan farzandga va emizish orqali, shuningdek, kasallangan hayvonning go‘shtini iste’mol qilish orqali ham yuqadi.
Yuqtirishning oldini olish uchun xarakterli toshmalar bo‘lgan bemorlar bilan aloqa qilmaslik va qo‘llaringizni tez-tez dezinfeksiya qilish kerak.
Tibbiy niqob taqish, idish yoki bemorlarning boshqa shaxsiy narsalaridan foydalanmaslik, virus tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hayvonlarga yoki ularning jasadlariga tegmaslik kerak.
Maymunchechak yuqishiga qanday insonlar ko‘proq moyil
Virus tarqalgan mamlakatlarga tashrif buyuradigan odamlar va bemorlar bilan ishlaydigan shifokorlar ko‘proq xavf ostida qoladi.
Immunitet tanqisligi bo‘lgan bemorlarda va sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarda kasallikni davolash qiyinroq. Virus teri kasalliklari bilan og‘rigan, homilador va emizikli ayollarda og‘ir kechadi.
Oxirgi ikki hafta davomida kasallikni yuqtirgan odam bilan aloqada bo‘lgan odamlar ham ushbu virusga chalinishi mumkin.
Virusdan davolanishning maxsus choralari yo‘q. Og‘ir holatlar kasalxonaga yotishni va simptomlarni davolashni talab qiladi. Virus tashuvchi bilan aloqa qilgandan so‘ng, 21 kunlik karantinga rioya qilish kerak.