Yangiliklar

O‘rmon fondi yerlari E-Auksion orqali ijaraga berila boshlandi

Savdoga birinchi uchastkani qo‘yishdi
Rasm: Unsplash

O‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini onlayn-auksion orqali ijaraga olish mumkin bo‘ladi, deb xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

E-Auksion platformasidagi birinchi shunday lot Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidan 10 gektar o‘rmonni ijaraga olish huquqi bo‘ldi. Auksion shartlariga ko‘ra, ijarachi uchastkadan yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish uchun foydalanishi mumkin.

Bunda u uchastkada o‘sadigan daraxtlarni saqlab qolish va ko‘paytirish, ekologik vaziyatning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik va uchastkadan o‘tadigan irrigatsiya tarmoqlarini saqlash majburiyatini oladi. Lotning boshlang‘ich bahosi – 33,9 mln so‘m. Auksion g‘olibi 7-oktabr kuni e’lon qilinadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, o‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini 3 yildan 49 yilgacha muddatga ijaraga olish mumkin. Ijarachilar uchun bir qator cheklovlar mavjud. Ular qonunga xilof ravishda daraxtlarni kesishlari va chorva mollarini o‘tlatishlari mumkin emas.

O‘rmon uchastkalaridan foydalanishning ruxsat etilgan turlari ro‘yxati o‘n ikkita band bilan cheklangan. Xususan, o‘rmon xo‘jaligi, meva va yong‘oqzorlar barpo etish, asalarichilik, baliqchilik va ekoturizmni o‘z ichiga oladi.

Ba’zi hollarda ijarachi nol stavkali ijara haqiga umid qilishi mumkin. Masalan, bunday stavka o‘rmon fondining daraxt bilan qoplanmagan va suv bilan ta’minlanmagan uchastkalarini dorivor o‘simliklar, yong‘oqzorlar yoki tez o‘suvchi daraxtlar yetishtirish uchun ijaraga berishda qo‘llaniladi.

Qo‘riqxonalar, milliy bog‘larning qo‘riqlanadigan hududlari, noyob o‘simlik turlari o‘sadigan maydonlar, alohida qimmatga ega bo‘lgan o‘rmonlar hamda tuproq eroziyasining oldini oladigan o‘rmonlar ijaraga berilmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekistonning o‘rmondan foydalanish bo‘yicha rezolyutsiyasini qabul qilgani haqida yozgan edi.