O‘zbekiston delegatsiyasi Paralimpiya o‘yinlarini ham 13-o‘rinda yakunladi

eʼlon qilindi
Paralimpiya o‘yinlarida 168 davlatdan kelgan 4,46 ming sportchi 22 sport turi bo‘yicha bellashdi
Foto: Paralympic.uz

«Parij – 2024» yozgi Paralimpiya o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Umumiy natijalar bo‘yicha O‘zbekiston 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medallari bilan 168 davlat ichida 13-o‘rinni egalladi. Bu haqda Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, mazkur Paralimpiya o‘yinlarida 168 davlatdan kelgan 4,46 ming sportchi 22 sport turi bo‘yicha bellashdi. Undan 79 davlat medallar bo‘yicha umumiy reytingga kirgan bo‘lsa, 89 davlat delegatsiyasi Paralimpiyani birorta ham medalsiz yakunladi. 1-o‘rinni 220 ta medal bilan Xitoy, 2-o‘rinni 124 ta medal bilan Buyuk Britaniya va 3-o‘rinni 105 ta medal bilan AQSh egalladi.

Delegatsiyamiz jami 26 ta medal bilan Osiyoda (Xitoy va Yaponiyadan keyin) uchinchi, MDH, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Foto: Paralympic.uz

🥇Oltin medallar:
Asila Mirzayorova – para yengil atletika T11 uzunlikka sakrash;
Elbek Sultonov – para yengil atletika F12 yadro uloqtirish;
Husniddin Norbekov – para yengil atletika F35 yadro uloqtirish;
Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev – para yengil atletika F37 yadro uloqtirish;
Bobirjon Omonov – para yengil atletika F41 yadro uloqtirish;
Tolibboy Yo‘ldashev – para yengil atletika F37 disk uloqtirish;
Yorqinbek Odilov – para yengil atletika F57 nayza uloqtirish;
Nurxon Qurbonova – para yengil atletika F54 nayza uloqtirish;
Sherzod Namozov – para dzyudo J2 -60kg;
Asad Toshtemirov – para taekvondo K44 -80 kg.

🥈Kumush medallar:
Doniyor Saliyev – para yengil atletika T12 uzunlikka sakrash;
Safiya Burxanova – para yengil atletika F12 yadro uloqtirish;
Kubaro Hakimova – para yengil atletika F41 yadro uloqtirish;
Shahina Yigitaliyeva – para yengil atletika F46 nayza uloqtirish;
Kumushxon Xodjayeva – para dzyudo J2 -57 kg;
Ro‘za Kuziyeva – para pauerlifting -73 kg;
Ziyoda Isoqova – para taekvondo K44 -47 kg;
Guljanoy Naimova – para taekvondo K44 +65 kg;
Server Ibragimov – para o‘q otish P4 50 metrga to‘pponchadan otish.

🥉Bronza medallar:
Temur Giyazov – para yengil atletika T64 balandlikka sakrash;
Tolibboy Yo‘ldashev – para yengil atletika F37 yadro uloqtirish;
Nurxon Qurbonova – para yengil atletika F54 yadro uloqtirish;
Mohigul Hamdamova – para yengil atletika F57 disk uloqtirish;
Uchqun Quronboyev – para dzyudo J2 -73 kg;
Dovurxon Karomatov – para dzyudo J2 -90 kg;
Muslima Odilova – para suzish S13 100 metr batterflay.

Jumladan, 65 nafar para atletimiz 113 ta litsenziya bilan 9 ta sport turida ishtirok etdi. Paralimpiya o‘yinlari tarixida birinchi marta para yengil atletikachilarimiz 16 ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni, para taekvondochilarimiz 3 ta medal bilan umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.

Husniddin Norbekov O‘zbekiston tarixida 3 karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan ilk sportchiga aylandi, Shaxina Yigitaliyeva delegatsiyamiz tarkibida Paralimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan eng yosh sportchi sifatida tarixga kirdi.

Ma’lumot uchun, Tokio mezbonlik qilgan 2020-yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallari bilan 16-o‘rinni egallagan edi.

Eslatib o‘tamiz, «Parij – 2024» yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi bugun, 9-sentabr soat 18:00 da Oʻzbekistonga yetib keladi.

Shuningdek