Yangiliklar

Moda namoyishlari yurtimizda muntazam o‘tkazib borishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz – prezident

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasining qo‘shma konferensiyasi qatnashchilariga tabrik yo‘lladi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasining qo‘shma konferensiyasi ochilishi bilan qutladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi prezidenti Key Vi Shrinavasan va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi prezidenti Chem Altan janoblariga ham minnatdorchilik bildirildi.

Prezident Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan qo‘shma konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida O‘zbekistonga nisbatan «paxta boykoti» bekor qilingani, sohaga yangi texnologiyalar yordamida paxta tolasini qayta ishlash 2017-yildagi 40 foizdan 100 foizga yetgani va bu orqali to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 barobar, eksporti esa 4 karra oshgani haqida alohida ta’kidladi.

Shuningdek, avval sohada eksportning 70 foizi xomashyo bo‘lgan bo‘lsa, hozir 60 foizini tayyor mahsulotlar tashkil qilayotgani haqida so‘z bordi. «Better Work» va «Better Cotton» dasturlari tizimli joriy etilib, Germaniyaning «Timdres», Italiyaning «Kotonella», Singapurning «Indorama», Koreyaning «Posko Interneyshnl» va «Yang-van» kompaniyalaridan kelib faoliyat olib borayotganiga urg‘u berildi.

«Nufuzli xalqaro tashkilotlarga konferensiya, ko‘rgazma, moda namoyishlarini yurtimizda, ayniqsa, turizm va sanoat salohiyati yuqori bo‘lgan Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan, Andijon shaharlarida muntazam o‘tkazib borishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz», deydi prezident.

Shu bilan birga, davlat rahbari anjumanda ishtirok etayotgan 500 dan ziyod milliy va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirilishiga umid bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev «Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori» kongressi ishtirokchilarini tabriklagan edi.