Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha grant loyihalar tanlovi e’lon qilindi
eʼlon qilindi
NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi poraxo‘rlikka qarshi kurash doirasida grantlar tanlovini e’lon qiladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tanlov BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorligida, Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.
Tanlovga fuqarolik jamiyati institutlarining quyidagi yo‘nalishlardagi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari qabul qilinadi:
- Korrupsiyaga moyilligi yuqori bo‘lgan sohalarda tadqiqotlar tashkil etish va o‘tkazish;
- Korrupsiyaga qarshi innovatsiyalar, noodatiy yechimlarni ishlab chiqish va yaratishda xotin-qizlar, yoshlarning roli va ishtirokini oshirish;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida korrupsiyaning oldini olish;
- Korrupsiyaga qarshi faoliyatni yoritish va korrupsiya holatlari bo‘yicha jurnalistik tekshiruvlar o‘tkazish uchun jurnalistlarning salohiyatini rag‘batlantirish;
- Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarida jamoatchilik nazorati, ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini yaratish va amalga oshirish.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori $7 mingni tashkil qiladi. Hujjatlar 2024-yilning 20-sentabr kuniga qadar qabul qilinadi. Tanlov shartlari haqida batafsil ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turizm qo‘mitasi logotip va shior yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgan edi.