Oʻzbekistonda kam quvvatli AES loyihasi qurilish ishlari «start» oldi
«O‘zatom» agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi hamda «Atomstroyeksport» AJ o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilish ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzoladi. Bu haqda agentlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hujjat O‘zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari – Xalqaro faoliyat bloki direktori Nikolay Spasskiy ishtirokida imzolandi.
Hujjatning imzolanishi loyihaini amalga oshirish uchun tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash ishlarini amalga oshirishda zamin yaratadi.
«Bugungi imzolangan hujjat Oʻzbekistonda birinchi kam quvvatli AES qurilish loyihasini amalga oshirish boʻyicha faol ishlarni boshlashga qadam tashlaganimiz dalolatidir, bu esa yaqin kelajakda qurilish maydonchasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishlarni boshlash imkonini beradi», dedi Otabek Amanov.
«Bugun imzolangan bayonnoma tomonlarning normativ va moliyaviy majburiyatlari nuqtai nazaridan ustuvor shartlarning bajarilishini belgilab beradi. Rosatomning muhandislik bo‘limi KQAESni joylashtirish uchun litsenziya olish va qurilish maydonchasida qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha faol bosqichga o‘tishni boshlaydi», bu haqda ASE OAJ Markaziy Osiyoda atom elektr stansiyalarini qurish loyihalari direktori Pavel Bezrukov ma’lum qildi.
AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar iyun oyida boshlangan edi. Maydonchada birinchi qurilish shtabi joylashtirildi. Avgust oyining oxirida atom elektr stansiyasi quruvchilari uchun vaxta shaharchasini yaratish ishlari boshlangan bo‘lib, u yerda madaniy-ma’rifiy loyihalar va tibbiyot tashkilotlari quriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qanday bo‘lishi haqida xabar bergan edik.