Oʻzbekistonda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar qanchani tashkil qiladi
2024-yil 1-sentabr holatiga koʻra, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 3,9 mln nafardan oshdi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 97,8 foizga (1,9 mln nafar) ortiq. Oʻsish koʻrsatkichi eng yuqori boʻlgan sohalar qatoridan maishiy xizmatlar 984,1 mingta bilan yuqori o‘rinni egalladi. Keyingi oʻrinlardan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish 212 mingta va axborot-kommunikatsiyasi 54,1 ming bafar bilan joy oldi.
Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning 57 foizi erkaklarni tashkil qilsa, qolgan 43 foizi ayollar hissiga toʻgʻri keladi. Hududlar kesimida oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar eng koʻp Samarqand viloyatida (456,5 ming nafar), keyingi oʻrinlardan Qashqadaryo (399 ming nafar), Andijon (360 ming nafar) egallanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan IT sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi berilishi haqida xabar bergan edi.