Qirg‘iziston O‘zbekiston o‘rniga ko‘chmanchilar o‘yinini qabul qiladi
Oltinchi xalqaro ko‘chmanchilar o‘yinlari Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi AKIpress nashri Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi rahbari Oltinbek Maqsutovga tayanib.
Bungacha Qirg‘iziston hukumati oltinchi musobaqani 2026-yilda O‘zbekiston qabul qilishini ma’lum qilgan edi.
Maqsutovning qo‘shimcha qilishicha, ko‘chmanchilarning o‘yinlari vatanga qaytmoqda. Bungacha Qirg‘iziston uch marta musobaqaga mezbonlik qilgan.
Bu galgi o‘yinlar 8-14-sentabr kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Turnirning uchinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Milliy terma jamoamizda 12 ta medal bor, ulardan ikkitasi oltin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ostonadagi ko‘chmanchilar o‘yinlarida 90 ta davlatdan ikki ming nafar sportchi ishtirok etayotgani haqida yozgan edi.