Yangiliklar

Yangi O‘zbekiston ko‘chasi Toshkent «yashil belbog‘i»ning bir qismi bo‘ladi

Prezident hududdagi ekologiya, sifat va madaniyat uyg‘unlashishiga doir tavsiyalar berdi
Foto: President.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni poytaxtning Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, uzunligi 11 km, eni 86 metr bo‘lgan ushbu ko‘chada ishbilarmonlik markazi qurilishi va yo‘li bo‘yi infratuzilmasi rivojlantirilishi belgilangan. Ko‘chaning ikki tomonida milliy ruhga uyg‘un zamonaviy turarjoy binolari, mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari qad rostlaydi. Sayilgoh va ko‘ngilochar maskanlar, piyoda va velosiped yo‘lakchalari quriladi.

Tashrif chog‘ida landshaft dizayni takliflari ko‘rib chiqilib, ko‘chasining ikki tarafi yanada obod qilinishi belgilandi. Chinor, eman, lola daraxti, katalpa, pisardiya, kiparis, hind nastarini, lavanda, Suriya atirguli kabi daraxt va butalar dekorativ shaklda ekiladi. Aeroport oldida ikkita favvora barpo etiladi. Hudud Toshkentning «yashil belbog‘i»ning bir qismi bo‘ladi.

Prezident landshaft kompozitsiyasi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirib, ekologiya, sifat va madaniyat uyg‘unlashishi lozimligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, ushbu hududda «Toshkent-Sharqiy» aeroporti va Olimpiya shaharchasi quriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent halqa yo‘li rekonstruksiya qilinganidan keyin qayta ochilgani haqida xabar bergan edik.