Andijonda qoidabuzar haydovchilar maktabda izza qilinmoqda
Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘ining ta’kidlashicha, maktablar yonidan qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar maktabda izza qilinmoqda. Andijon viloyati IIB YHXX boshlig‘i Abdunabi Nosirov bu haqda matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, maktablar oldida o‘rnatilgan svetofor qizil chirog‘iga bo‘ysunmay harakatlangan haydovchilarni maktab o‘quvchilari oldida izza qilinishi qoidabuzarliklarni oldini olishda samara bermoqda.
«Hozirgi vaqtda biz bor kuchimiz bilan ishlayapmiz. Chor guzarda joylashgan 10-maktab oldida qizil chiroqdan o‘tib qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi 3-marotaba internetga chiqdi. Biz ushbu holat bo‘yicha eksperiment o‘tkazdik. Maktab oldida qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni aniqlab maktabga olib bordik va hammani oldida izza qildik. Buning natijasida qoidabuzarlik sodir etish holatlari keskin kamaydi», — deydi Nosirov.
Ushbu eksperiment bundan keyin ham o‘tkaziladi va bu holat maktablar yonida qoidabuzarlik sodir etish holatlarini kamaytiradi. Bundan tashqari maktablar oldida qoidabuzarliklarni oldini olish uchun tezlikni kamaytiruvchi sun’iy yo‘l to‘siqlari o‘rnatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-sentabrdan YHXX jarimalari ustidan elektron shikoyat qilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.