Markaziy bankda oltin quymalari hamda qimmatbaho metallardan yasalgan esdalik tangalari narxi oshdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning 11-avgust holatiga ko‘ra, 5 grammlik oltin quymalarining narxlari 5,3 mln so‘m bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich bir oy avval ayni og‘irlikdagi quyma uchun 5,08 mln so‘mni tashkil qilgan. Bir oy ichida barcha og‘irlikdagi oltin quymalarining narxlarida 4,5 foizga o‘sish kuzatilgan.
Ma’lumot uchun yil boshiga nisbatan oltin quymalarining narxlari 25,7 foizga, hafta boshiga nisbatan esa, 0,3 foizga o‘sdi.
Oltin quymalarining narxi o‘sishi jahon bozorida oltin narxlarining o‘zgarib turishi bilan bog‘liq. LBMA taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida oltin narxlari 10-sentabr kechki vaqt uchun fiksing $2506,3 bo‘lsa, tonggi vaqt fiksing $2502,35ni tashkil qilmoqda.
Bundan tashqari, Nyu-York tovar birjasi bo‘limi COMEXda dekabr oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslarining savdosi bugun bir troya unsiyasi uchun $2 544,40 ga baholangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekistonning rasmiy zaxiralari avgust oyida $1,75 mlrdga ortgani haqida xabar bergan edi.