Ko’chmas mulk

O‘zbekiston «yashil» uylar yordamida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradi

Yaqin 20 yil ichida
Rasm: UNDP Uzbekistan

O‘zbekiston qishloq joylarida energiya tejamkor uy-joylar qurish loyihasi yaqin 20 yil ichida issiqxona gazlari emissiyasini 17,5 mln tonnaga qisqartirish imkonini beradi, deb xabar berdi UNDP Uzbekistan (BMTning O‘zbekistondagi taraqqiyot dasturi).

Bu haqda BMT, Global ekologik jamg‘arma (GEF) va O‘zR Qurilish vazirligining qo‘shma loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda so‘z yuritildi. Tadbir Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.

Subsidiyalangan yashil ipoteka dasturi tufayli 1,3 mingta uy xo‘jaliklari qayta tiklanadigan energiya uskunalarini o‘rnatdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu kamida 33,2 mln Mj energiyani tejashga yordam beradi, shuningdek, energiya tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallariga bo‘lgan barqaror talabni shakllantiradi.

Loyihaning boshqa natijalari orasida 1,7 ming nafar mutaxassisni «yashil» qurilish bo‘yicha o‘qitish, aholini xususiy uylarda energiya tejamkor texnologiyalarning afzalliklari haqida xabardor qilish kiradi.

Loyiha bo‘yicha ishlar 2015-yildan 2024-yilgacha davom etgan. Xalqaro donorlarning umumiy badallari $7 mlndan oshdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi va BMT Toshkent viloyatida quyosh batareyalarida tomchilatib sug‘orish tizimi qurilishini moliyalashtirgani haqida yozgan edi.