
2024-yil 11-sentabr kuni Shahrisabz mahalliy aeroporti fuqaro aviatsiyasining parvozlari uchun qayta ochildi. Bu haqda Uzairports matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, “Silk Avia» aviakompaniyasining Toshkentdan jo‘nagan ilk parvozi mahalliy vaqt bilan soat 13:10 da borib qo‘ndi. Parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil topdi. An’anaga muvofiq, L410 rusumli samolyot suv arkasi va karnay-surnay bilan tantanali kutib olindi.

Aeroport uzunligi 1554 metr va eni 35 metr boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagidan, ikkita samolyot va toʻrtta vertolyot turish joyiga ega. Aeroport majmuasi soatiga 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Ma’lumot uchun, Shahrisabz aeroporti 2003-yilning noyabr oyida yopilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TezJet aviakompaniyasi Bishkekdan Toshkentga muntazam parvozlarni yoʻlga qoʻygan edi.