Yangiliklar

Turkiy xalqlar uchun yagona alifbo joriy etildi

34 harfdan iborat umumiy turkiy alifbo tasdiqlandi

Boku shahrida Xalqaro turkiy akademiya va Turk tilshunoslik jamiyati tomonidan umumiy turkiy alifbo komissiyasining uchinchi yig‘ilishi o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda Ozarbayjonning Azertak axborot portali xabar berdi.

Unga ko‘ra, yig‘ilishda olimlar tomonidan 1991-yilda taklif etilgan lotin alifbosiga asoslangan umumiy turkiy alifbo loyihasi har tomonlama ko‘rib chiqildi. Komissiya a’zolari tomonidan keng koʻlamli muhokamalar oʻtkazilib, mazkur loyihada e’tibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar belgilab olindi.

Foto: Oxu.az

Muhokamalar natijasida 34 harfdan iborat umumiy turkiy alifbo boʻyicha umumiy kelishuvga erishildi. Alifbodagi har bir harf turkiy tillarda mavjud bo‘lgan turli fonemalarni aks ettirishiga alohida e’tibor qaratildi.

«Umumiy turkiy alifboning yaratilishi nafaqat turkiy xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash, balki ularning tillarini saqlab qolishga ham xizmat qiladi», deydi komissiya a’zolari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazi O‘zbekistonda tashkil etilishi haqida yozgan edi.