«Muhteshem doner» kafesi faoliyatiga vaqtincha chek qo‘yildi
2024-yilning 5-sentabr kuni «Muhteshem doner» kafesining bir necha turdagi taomlarini iste’mol qilgan 23 nafar shaxs ovqatdan zaharlanish belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, muolajalar natijasida (12-sentabr 09:00 holatiga ko‘ra) ularning 13 nafariga ketishga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemor davolashni davom ettirmoqda.
Bugungi kunga kelib, Sanepidqoʻmning Toshkent shahar boshqarmasi boshchiligida «Muhteshem doner» kafesi vaqtincha yopilgan. Laboratoriya tekshiruvlari uchun iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olingan.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘yliq bozorining oziq-ovqat bo‘limi antisanitariya tufayli vaqtincha yopilgan edi.