Yangiliklar

OʻzRTXB birjaga SPO bilan chiqmoqda: aksiyalarni sotib olish uchun arizalarni qabul qilish bir oy ichida boshlanadi

Davlat 2,4 foizini sotmoqda
Foto: Kursiv Uzbekistan

Oʻzbekistonda Xalq IPO’si doirasida aksiyalari birjada sotiladigan birinchi emitent tanlandi. Davlat Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasidagi (OʻzRTXB) 2,4 foiz ulushini sotmoqda. Bu haqda Toshkentda boʻlib oʻtayotgan VI Cbonds konferensiyada Kap Depo direktori Farrux Xoʻjayev ma’lum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Kap Depo va Satori konsorsiumi ushbu bitim uchun anderrayter sifatida ishlaydi.

OʻzRTXBning oʻzi ushbu bitimdan oʻz kapitaliga investitsiyalarni olmaydi, chunki gap Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakili boʻlgan mavjud aksiyadorning (SPO) aksiyalarini sotish haqida ketmoqda. Olingan mablagʻlar Oʻzbekiston davlat budjetini toʻldiradi.

Hozirgi kunda birja aksiyalarining 44,44 foizi davlatga tegishli, qolgan qimmatli qogʻozlar boshqa aksiyadorlar, jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida taqsimlanadi.

OʻzRTXBning aksiyalari allaqachon «Toshkent» Respublika fond birjasida sotilmoqda. Ushbu qimmatli qogʻozlarning yopilish narxi 11-sentabr kuni 16 549,99 soʻmni tashkil qildi.

Farrux Xoʻjayevning soʻzlariga koʻra, kompaniyaning bozor kapitallashuvi bugungi kunda deyarli $90 millionni tashkil etadi. Kompaniya joylashtirish narxi va boshqa parametrlarni arizalarni qabul qilish boshlanishiga yaqinroq e’lon qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilning birinchi yarmida OʻzRTXB 154,5 milliard soʻm sof foyda olgani haqida yozgan edi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 54 foizga koʻpdir.