Yangiliklar

O‘zbekistonda «yashil» obligatsiyalar paydo bo‘ldi

Mablagʻlar orqali binolarni modernizatsiya qilish ishlari moliyalashtiriladi
Foto: Undp.org

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan «Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJning 50 mlrd soʻmlik obligatsiyalar chiqariluvi roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu haqda ILMA xabar berdi.

Unga ko‘ra, obligatsiyalar chiqariluvi 2024-yil iyun oyida «Qimmatli qogʻozlar emissiyasi qoidalari va emissiya qimmatli qogʻozlari chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish» (2024-yil 7-iyundagi 2000-10-son roʻyxat raqami bilan)ga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar hamda Agentlik tomonidan tasdiqlangan «Yashil» iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar uchun korporativ obligatsiyalarni joylashtirish va muomalada boʻlishi boʻyicha uslubiy talablar« asosida amalga oshirilayotgan »yashil« obligatsiyalarning birinchi rasmiy chiqariluvi hisoblanadi.

“Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ obligatsiyalari chiqariluvi doirasida jalb etilayotgan mablagʻlar binolarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirishga moʻljallangan.

Oʻzining ”yashil« maqsadlariga erishish uchun kompaniya tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan »yashil» taʼmirlash kreditlarini moliyalashtirish va/yoki qayta moliyalashtirishga, shuningdek, bank mijozlari uchun energiya tejaydigan qurilish materiallaridan foydalangan holda taʼmirlash ishlarini olib borish imkoniyatlarini yaratishga eʼtibor qaratadi.

Ushbu ilk yashil korporativ obligatsiyalar Xalqaro kapital bozori assotsiatsiyasining yashil obligatsiyalar tamoyillariga muvofiqligi boʻyicha «AIFC Green Finance Center» tomonidan ijobiy baholangan va yashil standartlarga muvofiqlik sertifikati olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq MDHda yashil obligatsiyalar hajmi $6,7 milliarddan oshgan edi.