Shimoliy Koreya Yaponiya dengizi tomon raketa uchirdi
12-sentabr, payshanba kuni erta tongda Shimoliy Koreya (KXDR) Yaponiya dengizi yo‘nalishida noma’lum ballistik raketani uchirdi, deb xabar berdi Yonhap agentligi harbiylarga tayanib.
Janubiy Koreya harbiy rahbariyati uchirish holatlarini tahlil qilayotganini ma’lum qildi.
Yaponiya ommaviy axborot vositalari raketa mamlakatning eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqarida qulagani haqida xabar berdi. Keyinroq Yaponiya Mudofaa vazirligi bu ma’lumotni tasdiqladi.
Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya tomonidan raketa uchirilishi «Yaponiya, mintaqa va jahon hamjamiyati tinchligi va xavfsizligiga tahdid soladi». Yaponiya norozilik bildirdi va KXDR harakatlarini qoraladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shimoliy Koreya yangi raketalarni sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.