Yangiliklar

Yuzdan ortiq boshqaruvchi biznesda faoliyat yuritayotgani aniqlandi

Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklarida
Rasm: Piqsels

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklarida o‘tkazilgan tekshiruv davomida 107 nafar boshqaruvchi 116 ta biznesda faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar beradi.

«Jumladan, Transport vazirligining 50 ta boshqaruv xodimi 55 ta tadbirkorlik subyektida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 37 ta boshqaruv xodimi 39 ta tadbirkorlik subyektida hamda Madaniyat vazirligining 20 ta boshqaruv xodimi 22 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan», deyiladi xabarda.

Agentlik qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun ushbu vazirliklarga taqdimnomalar yubordi. Bunga javoban vazirliklar vaziyatni muhokama qilib, qonun buzilishlarini bartaraf etish maqsadida biznes bilan shug‘ullanuvchilarga ogohlantirish xatlari tarqatgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha grant loyihalar tanlovi e’lon qilingani haqida yozgan edi.