Prezident Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari bilan uchrashdi
Shavkat Mirziyoyev 13-sentabr kuni XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tadbirda Milliy paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Parij shahri mezbonlik qilgan Paralimpiya o‘yinlarida para atletlarimiz 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda MDH bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.
«Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi. Siz yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz. O‘zbekiston o‘z sport tarixida ko‘p-ko‘p yutuq va zafarlarni ko‘rgan. Lekin Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari bo‘lmagan edi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident sportchilarni nomma-nom tilga olib, matonatli g‘alabalarini e’tirof etdi. Shuningdek, ularning ota-onalari, oila a’zolari, murabbiylar va psixologlariga ham tashakkur izhor etdi.
«O‘zbekistonning o‘z matonat maktabi, shon-sharaf maktabi bor. Bu maktabning chinakam bunyodkorlari sizlar, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Sizlarning sportdagi, hayotdagi yutuqlaringiz yoshlarimiz uchun kuch-g‘ayrat manbai, matonat va ibrat namunasi», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zR prezidentining 12-sentabrdagi Farmoniga muvofiq, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Paralimpiya chempionlari va ikkita medal sohiblari qanday taqdirlanishi haqida yozgan edik.