Rossiyada yuqori sinflar uchun dronlar bo‘yicha darslik chop etildi

eʼlon qilindi
Jangovar UUA asoslari maktab oʻquv dasturiga kiritilyapti
Foto: Space.com

«Просвещение» nashriyoti va dron ishlab chiqaruvchi «Geoskan» kompaniyasi «Mehnat (texnologiya)» fanidan «Robotexnika» maktab moduli uchun dronlar boʻyicha ilk darslikni chiqardi. Bu haqda nashriyot o‘z veb-saytida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, darslik 8-9-sinf oʻquvchilari uchun chiqarilgan bo‘lib, jami 34 soatga moʻljallangan. Qoʻllanma olti bobdan iborat. Uchuvchisiz aviatsiyaga umumiy kirish, dronlarning tasnifi va dizayni, uchuvchisiz uchoqlarning elektron komponentlari, qoʻlda uchirish asoslari, avtonom parvozlarni dasturlash, uchuvchisiz uchoqlar dunyosidagi tendensiyalar va kasblar shular jumlasidandir.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida, Rossiyadagi maktablarda UUA texnologiyalari boʻyicha oʻqitish ommalashmoqda. Bunday alohida modulning maktab oʻquv dasturiga kiritilgani 2024-yil fevralida ma’lum boʻlgan edi.

Rossiya Federatsiyasi ta’lim vazirining oʻrinbosari Tatyana Vasileva aytganidek, gap «harbiy xizmatga tayyorgarlik va vatanni himoya qilish» koʻnikmalari haqida ketyapti. Shuningdek, fuqarolik hududlarida qoʻllanadigan UUA texnologiyalari ham oʻrganiladi, deya qoʻshimcha qildi Vasileva.

2023-yilning avgust oyida maktablarning 10-11-sinflar uchun boshlangʻich harbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻquv dasturiga dronlardan foydalanish asoslarini oʻrgatish kiritilgan edi. «Texnik tayyorgarlik va aloqa asoslari» moduli doirasida maktab oʻquvchilariga dronlardan jangovar foydalanish usullari va ular yordamida yer relefini oʻrganish oʻrgatiladi. Bundan tashqari, oʻquvchilar «dushman uchuvchisiz uchoqlariga qarshi kurashish algoritmi»ni bilishi va «UUAni boshqarish boʻyicha amaliy harakatlarni bajarishi» shart», — deyiladi Ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya migrantlar farzandlari uchun bepul ta’limni bekor qilmoqchi bo‘lgani haqida yozgan edik.

Shuningdek