Sirdaryoda ikki yoshli bolaning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Sirdaryo viloyatida nodavlat turdagi bog‘chalarning birida joriy yilning 7-avgust kuni ikki yoshli I.S vafot etgan. Holat yuzasidan bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolada nafas yo‘llarining berkilib qolishi (obturatsion asfiksiya) natijasida o‘lim holati yuzaga kelgan.
Ta’kidlanishicha, mas’ullar bolani ta’lim tashkilotiga qabul qilishda tibbiy ma’lumotnoma talab qilmagan, shuningdek, bolaning yoshi yetarli bo‘lmasada ta’lim tashkilotiga tarbiyalanuvchi sifatida qabul qilingan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan mas’ul shaxslar hamda rahbariyat xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116 – 19211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mas’ul shaxslar o‘z lavozim vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda gumonlangan.
Hozirgi vaqtda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan fuqarolarni 6,1 mlrd soʻmga aldagan avtosalon masʼullariga jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar bergan edi.