Georgiy Paresishvili: Investorlar yo‘qotishlarga tayyor bo‘lishlari kerak, aks holda O‘zbekistonda kapital bozori bo‘lmaydi
«Toshkent» Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili Toshkentda boʻlib oʻtgan Cbonds konferensiyasida Oʻzbekistonda investorlar kompaniya obligatsiyalariga sarmoya kiritish orqali pul yoʻqotish holatlariga izoh berdi.
Uning fikricha, bunday holatlar har qanday kapital bozori faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi.
«Kapital bozori sarmoyadorlar pullarini qayerga investitsiya qilish toʻgʻrisida ongli ravishda qaror qabul qilishlarini ta’minlash uchun zarur. Investorlar har qanday qimmatli qog‘ozni, xoh u obligatsiya yoki aksiyani sotib olayotganda, investitsiya risklarini, shu jumladan, emitent pulni qaytarib bermasligi mumkin bo‘lgan defolt xavfini tushunishlarini kerak», dedi Paresishvili.
Birja rahbari emitentning defolt xavfi jahon bozorlari uchun odatiy hodisa ekanligini ta’kidladi. AQSHdagi yirik kompaniyalarning bankrotligi misollari buni tasdiqlaydi.
«Agar biz butunlay risksiz bozorni yaratmoqchi bo‘lsak, unda men to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishim mumkinki, bunday bozor ishlay olmaydi, hech kim qimmatli qog‘ozlarni chiqarmaydi. Faqat davlat tomonidan kafolatlangan depozitlar yoki davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘ladi, ular nazariy jihatdan defoltga duch kelmasligi kerak. Bu bizning bozorimiz bo‘ladi. Biz xohlagan narsa shumi? Menimcha yo‘q. Shuning uchun biz investorlar ba’zan zarar ko‘radi, degan fikrga ko‘nikishimiz kerak», deya tushuntirdi u.
Paresishvili, shuningdek, tartibga soluvchining roli bozor shaffofligini ta’minlash va investorlarni firibgarlik sxemalaridan himoya qilish ekanligini ta’kidladi. Biroq regulyator investitsiya qilingan mablag‘larning xavfsizligini kafolatlay olmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston birjasi bir oy ichida SPOga kirishi haqida yozgan edi. Sentabr oxiri yoki oktabr oyining boshida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish bo‘yicha narx koridori ma’lum bo‘ladi.