Yangiliklar

Oʻzbekistonda modulli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya ajratiladi

Subsidiya olish uchun tadbirkor davlat xizmatlari markaziga yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qiladi
Foto: a-modul.ru

O‘zbekiston hukumati turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida yangi nizom tasdiqladi. Qabul qilingan qarorga asosan, modulli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi.

Endilikda tadbirkorlar oʻz hisobidan kamida 10 ta moduldan iborat boʻlgan mehmonxona qurib, uning har bir joy uchun davlatdan 1 million soʻm miqdorida subsidiya olishlari mumkin.

Subsidiya olish uchun tadbirkor quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • Davlatga soliq va boshqa toʻlovlar boʻyicha qarzdor boʻlmasligi;
  • Tashkilot qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi;
  • Faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi;
  • Sud qarori bilan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilmagan boʻlishi;
  • Modulli mehmonxonaga tegishli hujjat va yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi.

Subsidiya olish tartibi qanday?

Subsidiya olish uchun tadbirkor davlat xizmatlari markaziga yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qiladi. Turizm qoʻmitasi arizani koʻrib chiqib, 15 kun ichida qaror qabul qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2029-yilga borib O‘zbekistonda yana 3,5 mingga yaqin mehmonxona nomerlari paydo bo‘lishini yozgan edi.