AQSHda Donald Trampga qarshi yangi suiqasd harakatining oldi olindi
Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH) prezidentligiga nomzod Donald Trampning hayoti yana xavf ostida qoldi. Qurollangan jinoyatchi Florida shtatidagi golf maydonida siyosatchini poylab turardi. Shubhali erkakni huquq-tartibot idoralari vaqtida payqab, unga qarata o‘t ochgan, deb xabar berdi Reuters agentligi.
Tramp xavf-xatardan xoli. Gumonlanuvchi yashirinishga uringan, biroq hibsga olingan. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, u 58 yoshli Rayan Uesli Rut edi. Hodisadan bir necha soat o‘tgach uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga kirish imkoniyati yopildi.
Ikki oy oldin Pensilvaniyadagi saylovoldi mitingida Trampga o‘q uzishgandi. U qulog‘idan yengil jarohat olgan.
O‘tgan hafta Tramp va demokratlardan AQSH prezidentligiga nomzod Kamala Harris o‘rtasida saylovoldi bahslari bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, siyosatchi raqibi bilan takroriy muzokaralardan voz kechdi. Davlat rahbari saylovi 5-noyabrga belgilangan.