O‘zbekiston prezidenti «Markaziy Osiyo – Germaniya» sammitida ishtirok etadi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 17-sentabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi. Bu haqda O‘zR prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Sammitda mintaqa mamlakatlarining Germaniya bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, texnologiyalar, transport-kommunikatsiya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, «Markaziy Osiyo – Germaniya» formatidagi birinchi sammit o‘tgan yilning 29-sentabr kuni Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Avvalroq Kursiv Mirziyoyev va Shols O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida qanday kelishuvlarga erishgani haqida yozgan edi.