Yangiliklar

Harbiy xizmatchilar javobgarligiga oid qonun qabul qilindi

Qonun birinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ushbu qonunning tasdiqlanishi natijasida qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarlik masalasiga oydinlik kiritiladi.

Shuningdek, ushbu qonun loyihasi harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligiga oid yaxlit qonun hujjatini qabul qilishni nazarda tutgan.

 «Loyihada harbiy xizmatchilarni moddiy javobgarlikka tortish asoslari, harbiy xizmatchilarning cheklangan yoki to‘liq moddiy javobgarligi masalalari, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash tartib-taomillari, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi kabi muhim normalar aniqlashtirilmoqda», deyiladi Qonunchilik palatasi xabarida.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasi Qurolli Kuchlarda qonunga hurmat ruhini qaror toptirishda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirishga oid qonun loyihasi tasdiqlangani haqida xabar bergan edi.