Yangiliklar

Kelgusida bakteriyalar 39 mln inson o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin

Dorilar ta’sir qilmaydigan bakteriyalar rezistent yoki superbakteriyalar deb ataladi
Foto: katerynakon / depositphotos.com

Olimlar kelgusi 25 yil Ichida antibiotiklarga chidamli bakteriyalar 39 milliondan ortiq insonlar o‘limiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Lancet tibbiyot jurnalida e’lon qilingan xalqaro olimlar jamoasining maqolasida qayd etildi.

«Biz 1990-yildan 2021-yilgacha 204 ta mamlakat va hududda bakterial AMR bilan bog‘liq va unga aloqador bo‘lgan barcha yoshdagi va yoshga xos o‘lim holatlari hamda nogironlikni hisobga olgan umr yillari (DALY)ni 22 ta patogen, 84 ta patogen-dori kombinatsiyasi va 11 ta yuqumli sindrom bo‘yicha baholadik», deyiladi xabarda.

Maqolada ta’kidlanishicha, olimlar tomonidan Osiyoning janubiy hamda sharqiy qismlarida, shuningdek, Afrika mamlakatlarida o‘limlar soni ko‘payishi taxmin qilingan.

«2050-yilga kelib dunyo bo‘ylab har yili mikrobga qarshi dorilarga chidamlilik tufayli 1,91 million o‘lim, mazkur dorilar bilan aloqador 8,22 million o‘lim qayd etiladi», deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, kelgusida dorilar ta’sir qilmaydigan bakteriyalar rezistent yoki superbakteriyalar deb ataladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistika xabariga ko‘ra, infeksiyalar dunyoda o‘lim sabablari orasida yurak xastaliklari va insultdan keyin uchinchi o‘rinda turadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan maymunchechak epidemiyasi (m-pox) tufayli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.